"Ot" komponentli o'zbek maqollari
- Yolg‘iz mehmon – atoyi Xudo, Otliq mehmon – baloyi Xudo.
- Yolg‘iz otning changi chiqmas, Yolg‘iz yigitning dong‘i chiqmas.
- Yolg‘iz yog‘och pana bo‘lmas, Yolg‘iz biyaga sava to‘lmas.
- Yoli qalin/quyuq eshakdan, Yag‘ir bo‘lsa ham, ot yaxshi.
- Yoli semiz eshakdan yag‘ir bo‘lsa ham, ot yaxshi, Qadr bilmas qarindoshdan yaqindagi yot yaxshi.
- Yolli bo‘lsa – ot, Yoqali bo‘lsa – to‘n.
- Yomon bo‘lsa, yaqining – yov, Chaman bo‘lsa, oting – yov, Til olmasa, o‘g‘ling yov, Er olmasa, qizing – yov.
- Yomon kunda ot boqmasang, Yaxshi kunda ot chopmas.
- Yomon odamga ot bitsa – mina-mina o‘ldirar, yomon odamga xotin bitsa – ura-ura o‘ldirar.
- Yomon ot bel qaritar, Yomon xotin er qaritar.
- Yomon ot bilan uloq chopib bo‘lmas.
- Yomon ot olguncha, yayov yurgan yaxshiroq, Yomon xotin olguncha, bo‘ydoq yurgan yaxshiroq // Yomon otni mingandan yayov yurgan yaxshiroq, Yomon xotin olgandan bo‘ydoq yurgan yaxshiroq.
- Yomon ot qashqir bo‘laman deb qo‘raga chopadi.
- Yomon ot yoldor bo‘lar// Yomon otni yol bosar.
- Yomon otda//ayg‘irda yol bo‘lmas, O‘larmonda hol bo‘lmas // Yomon otga yol bitmas, o‘larmonga mol bitmas.
- Yomon otga // ayg‘irga yol bitmas.
- Yomon otga yol bitar, Xunuk qizga soch bitar.
- Yomon otga yol bitsa, to‘rsiq ostirmas, Yomonga til bitsa, og‘iz ochtirmas.
- Yomon otga yol bitsa, yoniga to‘rsiq boylatmas, Yomon qizga soch bitsa, yoniga yigit yo‘latmas.
- Yomon otga yol bitsa, yoniga to‘rsiq boylatmas, Yomon yigitga mol bitsa, yoniga qo‘shni qo‘ndirmas.
- Yomon otga yol bitsa, yoniga tuviq bog‘latmas, yomon erga mol bitsa, yoniga qo‘shni qo‘ndirmas.
- Yomon otni yaxshi boqsang, tulpor bo‘lar, Yomon qushning tobin topsang, shunqor bo‘lar.
- Yomon otni yaxshi boqsang, tulpor bo‘lar.
- Yomon otni yovga minma – yoli bor deb, Yomon bilan quda bo‘lma – moli bor deb.
- Yosh qulunni tergama, o‘sib yetgach, ot bo‘lur.
- Yo‘l yursa, g‘o‘nan do‘nan bo‘ladi, do‘nan ot bo‘ladi.
- Yo‘ling uzoq bo‘lsa, otingni qiynama.
- Yo‘mard yo‘qligin bildirmas, tulpor to‘qligin bildirmas.
- Yo‘qning ko‘ngli yo‘rg‘a tilar.
- Yo‘qqa yuguruk yetmaydi, Qumga qoziq o‘tmaydi.
- Yo‘qqa yuguruk yetolmas.
- Yo‘rg‘a mingan yo‘lda qolibdi.
- Yo‘rg‘a mingan yo‘ldoshidan ayrilar, Amalga mingan qurdoshidan ayrilar.
- Yo‘rg‘a mingan yo‘ldoshidan ayrilar.
- Yo‘rg‘a mingan yo‘ldoshiga qaramas.
- Yo‘rg‘ali bilan yo‘ldosh bo‘lma – yo‘lda qolarsan.
- Yo‘rg‘aliga yo‘ldosh bo‘lma.
- Yo‘rg‘aning qadri yelganda bilinar, Yaxshining qadri o‘lganda bilinar.
- Yo‘rg‘aning teri qurimaydi, Erkaning yoshi qurimaydi.
- Yo‘rtoq yo‘rg‘a bilan yo‘ldosh bo‘lmas, Burgut qarg‘a bilan sirdosh bo‘lmas.
- Yuguruk chaman bo‘lar – bo‘ynidan yol ketsa, Yaxshi yomon bo‘lar – qo‘lidan mol ketsa.
- Yugurukdan yuguruk chiqsa, oyog‘i tipir-tipir qiladi.
- Yuvosh otning tepkisi yomon//qattiq bo‘ladi.