“OT” KOMPONENTLI TURK MAQOLLARIDA ZOONIMLAR

Zoonyms in Turkish proverbs with the “horse” component

Maqol qidirish

Annotatsiya

Maqolada “ot” komponentli turk maqollarida uchraydigan zoonimlar tadqiq etiladi. Ot turli shakllarda (at, aygır, beygir, kısrak, tay, küheylan) qo‘llangani, shuningdek maqollarda eshak, it, arslon, tuya kabi boshqa hayvonlar nomlari ham otga qiyosan keltirilishi ko‘rsatiladi. Maqollar birga qo‘llangan zoonimlarga ko‘ra guruhlarga ajratilib, otning qadr-qimmati va ustunligi ta’kidlanadi.

Sabokhat Bozorova,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi

    Otning turkiy xalqlar hayotida tutgan o‘rni haqidagi ma’lumotlar qadimgi yozma manbalarda ham qayd etilgan. Xususan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” asaridagi maqollarda turli zoonimlarni uchratamiz. “Asarda “ot” komponentli 24 maqol borligini ko‘rish mumkin” (Bozorova, 2021: 375). Turk maqollarida ot zoonimi at (ot), aygır (ayg‘ir), beygir (axta qilingan yoki yuk tashishda ishlatiladigan ot), kısrak (biya), kulun (qulun), tay (toychoq), küheylan (tulpor) kabi shakllarda qo‘llangan. Turk folklorida ot bilan bog‘liq juda ko‘p maqollar bor. Ularda ot asllik, idrok, nazokat, mardlik, vafodorlik ramzidir, aksariyat maqollarda ot va yigit birgalikda tasvirlangan, ot parvarishiga alohida e’tibor berish zarurligi ta’kidlangan. “Hayotlarida otning alohida o‘rni bo‘lgan turklar o‘zlari kuzatgan haqiqatlar, umr davomida orttirgan tajribalar haqida so‘z yuritar ekan, insonlar bilan bog‘liq voqealarni otlar bilan bog‘lab tushuntirganlar” (Aksan, 2011:146). “Ot” komponentli turk maqollarida boshqa hayvonlar xususida ham so‘z yuritish bilan otning juda qimmatli, foydali hayvon ekanligiga urg‘u berilishi kuzatiladi. Bunday maqollarda eshak, it kabi hayvonlar ko‘proq tasvirlagani holda, arslon, tuya, qurbaqa zoonimlari ham uchraydi.
    “Turk tilining eng qadimgi matnlaridan hozirga qadar bo‘lgan davrdagi so‘z boyligi tadqiq etiladigan bo‘lsa, eng ko‘p so‘z, ibora va maqolning “ot” tushunchasi bilan bog‘liqligi ko‘riladi” (Aksan, 2011:206). “Ot” komponentli turk maqollarini zoonimlar ishtirokiga ko‘ra, quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:

OT VA ESHAK ZOONIMLARI QO‘LLANGAN MAQOLLAR:

    Ham ulov, ham yuk tashish vazifasini bajaruvchi eshak “ot” komponentli turk maqollarida eng ko‘p uchraydigan zoonimlardan biridir. Bunday maqollarda otning eshakka nisbatan juda ustun va ishonchli ekanligi, ba’zi holatlarda esa ular o‘rtasida farq yo‘qligi haqidagi fikrlar ifoda etiladi. At ile eşek bir değil (Ot bilan eshak bir emas); At ile eşek yarışamaz (Ot bilan eshak bellasholmaydi); At meydanında eşek anırmaz (Ot maydonida eshak hangramaydi); At murat, katır devlet, eşek kısmet, deve gurbet (Ot – murod, xachir – davlat, eshak – qismat, tuya – g‘urbat); At pazarında eşek izi mi aranmaz/ ararsın? (Ot bozorida eshak izi izlanmaydi/izlaysanmi?); At satıp eşek alınmaz (Ot sotib eshak olinmaydi); Atın aksağı eşekten yiğrik olur (Otning oqsog‘i eshakdan yugurik bo‘ladi); Eşek at olmaz, ciğer et olmaz (Eshak ot bo‘lmas, jigar et bo‘lmas); Eşek at ile yarışmış, kuyruğu kulağı karışmış (Eshak ot bilan bellashibdi, dumi, qulog‘i o‘ralashibdi); Eşek atın ne yoldaşı, yoksul bayın(beyin) ne kardaşı (Eshak otning yo‘ldoshi emas, yo‘qsil boyning qardoshi emas); Eşek, kulağı kesilmekle küheylan olmaz (Eshak qulog‘i kesilgani bilan tulpor bo‘lmas); Kırk yaşındaki eşek, iki yaşındaki ata arpa taşır (Qirq yoshdagi eshak ikki yosh otga arpa tashir); Eşek gibi bağırma, at ol (Eshakdek baqirma, ot bo‘l); Eşeği tavlaya çekmişler at oldum sanmış, şalgamı yemeğe koymuşlar et oldum sanmış (Eshakni oxurga qo‘yibdilar – ot bo‘ldim deb o‘ylabdi, sholg‘omni ovqatga qo‘shibdilar – yog‘ bo‘ldim deb o‘ylabdi); Bir ahırda at da bulunur eşek de (Bir oxurda ot ham bo‘ladi, eshak ham) maqollarida otning jismonan baquvvat, kuchli ekanligi, vaziyatni idrok etgan holda harakat qilishi, insonlar tomonidan otga alohida e’tibor bilan qaralishi, ot va eshak hech qanday holatda teng ko‘rilmasligi, jismoniy nuqsoni bor ot ham eshakdan ustunligi, ot bilan bellashishga harakat qilgan eshakning ayanchli holatga tushishi ifodalangan. Maqollar ko‘chma ma’noda talqin qilinadigan bo‘lsa, jismonan, aqlan kuchli bo‘lgan, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olgan insonlarni otga, jismoniy va aqliy jihatdan qusurli bo‘lgan kishilarni esa eshakka o‘xshatish mumkin.
    At ile eşek tepişince arada sahibi ezilir (Ot bilan eshak tepishgach, o‘rtada egasi eziladi); At teper, katır teper, arada eşek ölür (Ot tepar, xachir tepar, o‘rtada eshak o‘lar); Atlar tepişir, arada eşekler ezilir (Otlar tepishadi, orada eshaklar eziladi) singari maqollarda ot va eshak/xachir o‘rtasidagi munosabatlar, ularning oqibatlari aks etadi. Bu maqollar o‘z ma’nosida tushunilganida jismonan kuchli bo‘lgan hayvonlarning o‘zaro kelishmovchiligi natijasida jismonan nisbatan zaif bo‘lganlari (eshak, xachir), ba’zan esa egasi zarar ko‘rishi anglashiladi. Majoziy ma’noda esa, tug‘ishganlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bois ota-onaning; jamiyatdagi badavlat/mansabdor kishilar o‘rtasidagi nizolar tufayli esa kambag‘al/tobelarning ezilishi aks ettiriladi.
    Ba’zi holatlarda eshak otning o‘rnini bosishi mumkinligi haqidagi qarashlar ifodalangan maqollar ham uchraydi: At ile varılan yere eşek ile de varılabilir (Ot bilan borilgan joyga eshak bilan ham borsa bo‘ladi); At yürür, eşek/it kaçar, menzile beraber varır (Ot yuradi, eshak/it qochadi/yuguradi, manzilga teng boradi); Körler memleketinde topal eşek attır (Ko‘rlar mamlakatida oqsoq eshak otdir); Bedava eşek attan yürük olur (Tekin eshak otdan yugurik bo‘ladi); Eşek (eşkin) eve gelmiş, yorga yolda kalmış (Eshak (shoshqaloq) uyga kelibdi, yo‘rg‘a yo‘lda qolibdi); Canı acıyan eşek atı geçer (Joni og‘rigan eshak otdan o‘zadi); Canı yanan eşek attan yürük olur (Joni achigan eshak otdan yugurik bo‘ladi). Bu maqollarda ma’lum sabablar (imkonsizlik, tekinlik, jismoniy og‘riq, vaziyat talabi) tufayli eshakka keragidan ortiqroq baho yoki imkoniyat berilishi tasvirlangan.
    Atı ata, eşeği eşeğe koşmalı (Otni otga, eshakni eshakka qo‘shish kerak); Atı eşekle bağla, ya nalını ya huyunu (Otni eshak bilan (yonma-yon) bog‘la, yo taqa, yo tabiatini (yo‘qotadi)) maqollarida ot va eshakka bir xil munosabatda bo‘lish natijasida otning tabiatida salbiy o‘zgarishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirish mazmuni bor. Mazkur maqollar majoziy ma’noda talqin etilsa, yaxshi xulqli, tarbiyali insonni, ayniqsa, yoshlarni, noma’qul harakatlari ko‘rilgan kishilardan uzoq tutish, salbiy ta’sirlardan himoya qilish kerakligi haqidagi fikrlar yuzaga chiqadi.

    Attan düşene yorgan döşek, eşekten düşene kazma kürek (Otdan yiqilganga ko‘rpa-to‘shak, eshakdan yiqilganga – kurak) maqolida otning inson uchun sodiq do‘st ekanligi, ziyon yetkazmaslikka harakat qilishi o‘z aksini topgan. Ko‘chma ma’noda esa o‘zini biladigan, asl insonlar tufayli boshga tushadigan tashvishlardan oson qutulish mumkinligi, nasli-nasabi tayinsiz, imonsiz kimsalar orqali keladigan falokatlarni yengish qiyinligini ifodalangan.
    “Ot” komponentli turk maqollarida otning egasi mansabdor, badavlat kishi sifatida tasvirlanadi. Bunday inson bilan bo‘lgan munosabatlar foydali ekanligiga urg‘u beriladi: At sahibinden eşek esirgenmez (Ot egasidan eshak ayalmaydi /qizg‘anilmaydi). Bu maqol Kaz gelecek yerden tavuk esirgenmez (G‘oz keladigan joydan tovuq ayalmaydi/ qizg‘anilmaydi) maqoli bilan bir xil mazmunga ega, ya’ni katta foydaga erishish, sezilarli manfaat ko‘rish uchun kichik xarajatlar, fidoyiliklar qilish kerakligi uqtiriladi.
    Maqollarda otning mehnatidan eshakning foydalanishi, ba’zan aksincha ham bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlar ham uchraydi: Atın kazancı eşek için (Otning topgani – eshakka); Türkmen işler Tat yer, eşek işler at yer (Turkman ishlar, tot yer, eshak ishlar, ot yer); Bak zamana zamana, karga vurdu şahana; eşekler arpadan bıktı, küheylan hasret samana (Boq zamonga, zamonga, lochindan ustun qarg‘a, eshaklar to‘ydi arpaga, tulpor zordir somonga). Bunday maqollarda tabiat va jamiyat hayotidagi qadrsizlik, nohaqliklarga tanqidiy munosabat bildirilgan deyish mumkin.
    Ot va eshak parallel tasvirlangan maqollarda eshakning kutilmagan harakatlar qilishi mumkinligi ham aks etgan: Çok beslenen eşekler, atlarla tepişir (Ko‘p boqilgan/Qorni to‘ygan eshaklar otlar bilan tepishadi); Eşeğin boynuzu olsa, atın gözünü çıkarır (Eshakning shoxi bo‘lsa, otning ko‘zini chiqaradi). Bu maqollarda eshakning o‘z haddi va imkoniyatini bilmasligi, atrofidagilarning xizmatlarini qadrlamasligi haqidagi fikrlarni ilg‘ash mumkin. Hayvonlar o‘rtasida kuzatiladigan bunday munosabatlarning jamiyat hayotidagi talqiniga to‘xtaladigan bo‘lsak, insonlar tomonidan qilingan yaxshiliklarni juda tez unutadigan qadrbilmas kimsalar eshak obrazi orqali tasvirlanganini ko‘rishimiz mumkin. İstanbul'dan gelen eşek, kırk gün at gibi gezer (Istambuldan kelgan eshak qirq kun ot kabi kezar) maqolida esa kibrga berilgan, o‘ziga ortiqcha baho beruvchi kishilar tanqid ostiga olingan.
    Ot-eshak parallelligi uchraydigan turk maqollarida ot parvarishi, xususan, uni oziqlantirishga katta e’tibor berish zarurligi ta’kidlanadi: Eşeğin yorulursa kervana kat, atın yorulursa torba tak, katırın yorulursa durma, sat (Eshaging charchasa, karvonga qo‘sh, oting charchasa, to‘rva taq, xachiring charchasa, to‘xtama, sot); otning ko‘p ozuqa yeyishi, eshakning ko‘p ishlashi Eşek gibi kazan, at gibi ye (Eshakdek ishla, otdek ye); At gibi yemeli, eşek gibi çalışmalı (Otdek yeyish, eshakdek ishlash kerak). Mazkur maqollar faqat o‘z ma’nosida ishlatilishi mumkin bo‘lgan maqollar hisoblanadi.
    Ot va eshak parallel tasvirlangan maqollarda ularning ustun jihatlari ham e’tirof etiladi: Atın kırı, eşeğin burnu (Otning oqi, eshakning burni); Köyünde bulamaz güdük eşeği, askerde beğenmez kır atı başçavuş (Qishlog‘ida topolmas pakana eshakni, (harbiy) xizmatda pisand qilmas oq otni serjant). Turk maqollari mazmuniga ko‘ra, ot va eshakka ega bo‘lish uchun ham ma’lum iqtidor, ruhiy muvozanat kerak, ya’ni moddiy imkoniyat, sabr, qunt, e’tibor. Delinin atı, eşeği olmaz (Telbaning oti, eshagi bo‘lmas) maqolida aynan ana shunday fikr aks ettirilgan. Shuningdek, boshqalar va ular ega bo‘lgan narsalarni ham kamsitmaslik tavsiya qilinadi: Elin atına eşek dememeli (Birovning otini eshak demaslik kerak).

OT VA IT ZOONIMLARI QO‘LLANGAN MAQOLLAR:

    It insonlarga yaqin hayvonlardan biri ekanligi hamda “ot” so‘ziga qofiyadoshligi sababli “ot” komponentli maqollarda ko‘p uchraydi.Turk maqollari mazmunidan it ham, eshak singari, ot bilan teng ko‘rilmasligi, otning ham, itning ham zotiga ahamiyat berish zarurligi Ata da soy gerek, ite de (Otga ham zot kerak, itga ham); ikkalasi ham och bo‘lgan paytda ishga yaramasligi Aç (arık) at yol almaz, aç (arık) it av almaz (Och (ozg‘in) ot yo‘l bosmas, och (oriq) it ov olmaz); yaxshi fazilatlarga ega insonlarga hamroh bo‘lganlar ijobiy tomonga, tarbiyasi va fe’lida kamchiliklari bor kimsalar bilan do‘st tutinganlar salbiy tomonga o‘zgarishi At ile konuşan at; it ile konuşan it olurmuş (Ot bilan gaplashgan ot, it bilan gaplashgan it bo‘larmish); qadrli shaxsiyatlarning shakllanishi uchun biroz vaqt talab etilishi, qisqa vaqtda yuzaga kelganlari esa haqiqiy qadrga ega bo‘lmasliklari At yedi günde, it yediği günde (belli olur, semirir (Ot yetti kunda, it yegan kunida (ma’lum bo‘ladi, semiradi))); hayotda kutilmagan vaziyatlar bo‘lishi mumkinligi, otning ham, itning ham, bundan tashqari, insonlarning ham o‘ziga xos tabiati borligi, ba’zan ziyon yetkazadigan harakatlar qilishi mumkinligi Atım tepmez, itim kapmaz deme (Otim tepmas, itim qopmas, dema)//Atın tepmezi, itin kapmazı olmaz (Otning tepmaydigani, itning qopmaydigani bo‘lmaydi); ba’zan ot va it bajaradigan ish bir xil qiymatga ega bo‘lishi mumkinligi At yürür, it (eşek) kaçar, menzile beraber varır (Ot yuradi, it (eshak) qochadi, manzilga birga yetadi); At yürür, it seğirtir ikisi bir yere varır (Ot yuradi, it sakraydi, ikkalasi bir joyga boradi); hurmatga loyiq insonlarga nomunosib xatti-harakat qiluvchi tarbiyasiz kishilarga nisbatan Atın önüne it geçer (Otning oldiga it o‘tar); har jonzotning o‘z nasliga tortishi Attan at olur, itten it (Otdan ot, itdan it (tug‘iladi)); yaxshi ishlayotgan, muvaffaqiyatlarga erishayotganlarni rag‘batlantirish kerakligi, mehnatning qadrlanishi yangi g‘alabalarga asos bo‘lishi haqidagi qarashlar Yavuz (yürük) at yemini, yavuz it ününü artırır (Kuchli (Chopqir) ot yemini, qo‘rqmas it shuhratini orttiradi) maqolida o‘z aksini topgan. Ot va it parallel tasvirlangan maqollarning aksariyati majoziy ma’noda ishlatiladi.

OT VA BOSHQA ZOONIMLAR QO‘LLANGAN MAQOLLAR:

    “Ot” komponentli turk maqollarida tuya, ho‘kiz, xachir, arslon, qurbaqa, qarg‘a, qo‘y, bo‘ri, tovuq singari zoonimlar ham uchraydi. Arslan kükrerse atın ayağı kösteklenir (Arslon o‘kirsa, otning oyog‘i tushovlanadi); Arslana ot, ata et verilmez (Arslonga o‘t, otga et berilmas); Aslan kükrerse beygir titrer (Arslon o‘kirsa, ot titrar) maqollarida arslon; At ahırında tavuk beslenmez (Ot oxurida tovuq boqilmaydi); Bizim tavuk bir yumurta yumurtlar, yedi mahalle duyar; elin kısrağı küheylan doğurur, hiç sesi çıkmaz (Bizning tovuq tuxum qo‘yar, yetti mahalla eshitar, boshqaning biyasi tulpor tug‘ar, hech ovozi chiqmas) maqollarida tovuq; At alırsan yazın, deve alırsan güzün, kız alırsan sevin, dul alırsan gezin, ha gezin (Ot olsang – yozda, tuya olsang – kuzda, qiz olsang – sevin, tul olsang – kezgin); Deveye dağ, beygire yağ (Tuyaga tog‘, otga yog‘ (zarar(li))); Attan düşene tımar gerek, deveden düşene mezar gerek (Otdan yiqilganga parvarish kerak, tuyadan yiqilganga mozor kerak) maqollarida tuya; At düz ovada, ester(katır) kayalıkta makbuldür (Ot tekislikda, xachir qoyalikda maqbuldir); Katıra “baban kim” demişler; “dayım at” demiş (Xachirga: “Otang kim?” – debdilar, “Tog‘am – ot”, – debdi); Atı atasıyla katırı anasıyla (Oti otasi bilan, xachiri onasi bilan); Atı verdim katır aldım, belayı satın aldım (Otni berdim, xachir oldim, baloni sotib oldim); Atın silkintisi katıra yük olur(Ot silkinsa, xachirga yuk chiqadi) maqollarida xachir; Attan kalanı öküze dökerler (Otdan qolganini ho‘kizga beradilar), Her gün öküz ölmeyecek ki at pahalı olsun (Har kun ho‘kiz o‘lmaydiki, ot qimmat bo‘lsa); Erkek atın kişnemesi öküzün sayesindedir (Ayg‘irning kishnashi ho‘kizning sharofatidan) maqollarida ho‘kiz; Yağmurda dostun atı, düşmanın koyunu satılsın (Yomg‘irda do‘stning oti, dushmanning qo‘yi sotilsin) maqolida qo‘y; Kuş kanadını, er atını sever (Qush qanotini, er otini sevar); Kuş kanadıyla, er atıyla(Qush qanoti bilan, er oti bilan) maqollarida qush; Zayıf ata kargalar da biner (Zaif otga qarg‘alar ham minadi) maqolida qarg‘a; Atlar nallanırken kurbağa ayağını uzatır/uzatmaz (Otga taqa qoqqanda qurbaqa oyog‘ini uzatadi/uzatmas) maqolida qurbaqa; Çayırda attan, zemheride kurttan, çelmikte Türk’ten sakın (O‘tloqda otdan, zamharida bo‘ridan, mashoqda turkdan ehtiyot bo‘l) maqolida bo‘ri zoonimlari qo‘llangan. Bu hayvonlar va ularga xos bo‘lgan jihatlarni tasvirlash orqali otning ustun tomonlari, insonlar hayotidagi ahamiyati, jamiyatdagi axloqiy mezonlar, ma’naviy qadriyatlar ifodalangan, muhim tavsiyalar berilgan.
    Turk maqollarida ot insonning eng yaqin do‘sti, yordamchisi, bebaho mavjudot sifatida tasvirlangan.“Bugun, butun dunyoda bo‘lgani kabi, Turkiyada ham texnik taraqqiyot natijasida keskin o‘zgargan hayot tarzimiz otning oldingi asrlardagi ahamiyati va qadrining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, shahar hayotida, ot poygalarini istisno qilganda, otning o‘rni qolmadi, deyish mumkin. Ba’zi qishloq joylarida vaziyat biroz farqli bo‘lsa-da, otning ulov va yuk tashishdagi o‘rnini oldingisi bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Ammo otning tildagi aks sadosi turli shakllarda davom etmoqda” (Aksan, 2011:152).
    Ajdodlar tajribalarini bugungi kunga qadar nihoyatda aniq va betakror tarzda yetkazayotgan maqollarning har biri – bebaho xazina. Ularning aksariyati milliylik sarhadidan oshib, umuminsoniy mohiyat kasb etgan. Turkiy tilning ilk yozma yodgorliklarida uchraydigan maqollarning farqli geografik hududlarda yashovchi, turli madaniyat va e’tiqodga ega xalqlar o‘rtasida keng tarqalganligi buning dalilidir. Maqollar jamiyat, xalq, til, madaniyat, tarixni o‘rganishda ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

Aksan D. Türkçeye Yansıyan Türk Kültürü. – Ankara: Bilgi Yayınevi, 2011.
Aksoy Ö. Atasözleri ve Deyimler Sözlüğü. – İstanbul:Inkılâp Kitabevi, 1988.
Aksoy Ö. Benzerlikleriyle Türk Dünyasında Atasözleri. – İstanbul: Kültür Konseyi, 2021.
Aksu B., Akalın Ş., Toparlı R. Türk Atasözleri Sözlüğü. – Ankara: TDK Yayınları, 2022.
Akkuş M.Atasözleri ve Deyimler Üzerine İncelemeler. – Ankara: Akçağ Yayınları, 2022.
Bozorova S.“Devonu lug‘ati-t-turk”dagi “ot” komponentli maqollar tahlili. O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari.− Toshkent: Nodirabegim, 2021. – B.374-378.
Çotuksöken Y. Türkçe Atasözleri ve Deyimler Sözlüğü. – İstanbul: Toroslu Kitaplığı, 2004.
Ercilasun A. Dîvânu Lugâti’t-Türk’teki Şiirler ve Atasözleri. İstanbul: Bilge Kültür Sanat Yayın Dağıtım San. ve Tic. Ltd.Şti, 2020.
Öz A. Hayvanlarla İlgili Özbek Atasözleri. Türk Dünyası Dil ve Edebiyat Dergisi, 2000, № 9, 114-160.
Yurtbaşı M.Sınıflandırılmış Türk Atasözleri. – Ankara: Özdemir Yayıncılık, 1994.

PDF variantda o'qish