“OT” KOMPONENTLI O‘ZBEK VA TURK MAQOLLARIDA OT-QIZ PARALLELLIGI ASOSIDA IFODALANGAN LINGVOMADANIY XUSUSIYATLAR

Linguocultural features expressed through the horse–girl parallel in Uzbek and Turkish proverbs

Maqol qidirish

Annotatsiya

Maqolada “ot” komponentli o‘zbek va turk maqollarida ot va qiz (ayol) obrazlari o‘rtasidagi parallellik tahlil qilinadi. Turkiy xalqlar hayotida otning tutgan alohida o‘rni — sadoqatli hamroh, kuch va boylik ramzi, muqaddas hayvon sifatidagi maqomi — ko‘rsatib beriladi. Muallif ot tanlash va turmush o‘rtoq tanlash o‘rtasidagi lingvomadaniy o‘xshashliklarni misollar asosida yoritadi.

...
Sabokhat Bozorova,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi

    Madaniyatning muhim unsurlaridan biri bo‘lgan til bir tomondan jamiyat hayotini aks ettirsa, boshqa tomondan madaniyatning davomiyligini ta’minlaydi. Ajdodlarning bilim va tajribalari avlodlarga til vositasida yetkaziladi. Inson bor ekan, tajriba va xulosa; jamiyat bor ekan, madaniy taraqqiyot mavjuddir. Bu tajriba va madaniy qadriyatlarning tarqalishi, keyingi avlodlarga yetkazilishida muhim ko‘prik vazifasini bajaruvchi til insoniyat tarixi haqida ham muhim ma’lumotlar beradi. Ijtimoiy hukm va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan, mavzu doirasi keng qamrovli bo‘lgan maqollar hayotiy tajribalar asosida kelib chiqqan.Ularda xalqlarning badiiy tafakkuri, bepoyon xayolot dunyosi, nozik hissiyotlari aks etadi. Ularda teran falsafa ajoyib badiiy topilmalar, nuktadonlik, kinoya, hajv, mazax vositasida ifoda etiladi. Shu bois har bir maqol o‘z xalqining badiiy muhri hisoblanadi.
   Turkiy xalqlar maqollarining katta qismini “ot” komponentli maqollar tashkil qiladi. Turkiylar uchun ot egasining eng yaqin do‘sti, jangda hamrohi, kundalik turmushda doimiy yordamchisi, uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qiluvchi sadoqatli yo‘ldoshi, kuch-quvvat, boylik ramzidir. Koshg‘ariy tomonidan qayd etilgan At, aygır, tay, kısrak, altın, gümüş, ipek kumaşla sevinme! (Ot, ayg‘ir, toy, biya, oltin, kumush, ipak mato bilan quvonma!) maqolida otning iqtisodiy jihatdan oltin, kumush, ipakdan qimmatli ekani o‘z ifodasini topgan [3:153]. Shuningdek, Koshg‘ariyning “Bu oglanıg bir torugka aldım” (Bir o‘g‘lonni bir to‘riqqa oldim) degan ma’lumoti bir to‘riq otga bir qulni sotib olish mumkin bo‘lganini bildiradi [3:373].     Turkiylarning qadimgi e’tiqodlariga ko‘ra, ot ‒ Tangrining insonlarga qilgan inoyati, ikki dunyodagi hamrohi. Insonlar otlarning marhumlarga narigi dunyoda ham xizmat qilishiga ishongan va egasi vafot etganida otini ham qo‘shib ko‘mgan. Shomon marosimlarida ot qurbonlik hayvon sifatida tanlangan. Hayvonlar taqvimida ot yilining ham borligi bu xalqlar hayotida otning alohida o‘rni bo‘lganini ko‘rsatadi. Otlarga ism qo‘ygan, maxsus marosim bilan dafn etgan turkiylar ularni, o‘rni kelganida, gapira oladigan, osmondan tushgan, muqaddas hayvon deb hisoblagan.
    Ot, ayol va qurol turkiy xalqlar hayotining voz kechilmas unsurlari edi. Turkiylarda ot, ayol, qilich muqaddas sanaladi. “Ot” komponentli maqollarda ijtimoiy hayotning barcha sohalari qamrab olingan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadqiqotimizda ot-qız parallelligi aks etgan o‘zbek va turk maqollari misolida fikrimizni asoslashga harakat qilamiz.
   Turkiy xalqlar hayotida oila muhim o‘rin tutadi. Ot tuz deydi, Yigit – qiz maqolidan ot uchun tuz iste’moli, uning tuzni yalash orqali tanasiga kerakli moddalarni qabul qilishi qanday tabiiy ehtiyoj bo‘lsa, yigitning qizlarga qiziqish bilan qarashi, ular orasidan o‘ziga munosib umr yo‘ldoshini izlashi, topishi ham shunday zarurat ekani anglashiladi.


   Tabiat va hayvonot dunyosini diqqat bilan kuzatib borgan ajdodlarimiz yomg‘irda otning tanasi yaltirab, yanada chiroyli ko‘rinishini ilg‘agan. Shunday holatdagi otning bahosi baland bo‘lishi aniq. Yağmurda düşmanın, koyunu, dostun atı satılsın (Yomg‘irda dushmanning qo‘yi, do‘stning oti sotilsin) maqoli ham ana shunday kuzatishlarga asoslangan. Mazkur maqolda ikki zidlikni (dushman-do‘st; qo‘y-ot)ni ko‘ramiz. Do‘stga xayr; dushmanga yomonlik tilash ‒ insonga xos xususiyat. Otning tanasini yaltiratib, yanada ko‘rkam ko‘rsatadigan yomg‘ir sababli qo‘yning yungi xunuk bo‘lib qoladi. Natijada qo‘y ozg‘in ko‘rinadi va arzon sotiladi. Yomg‘irda ot tanlama, Hayitda − qiz maqolida yomg‘ir paytida hamma otlar; hayitda yasangani, pardoz qilgani bois hamma qizlar ko‘zga chiroyli ko‘rinishi, tanlovda xatoga yo‘l qo‘yilishi mumkinligi uqtirilgan. At alacaksan yazın al, kız alacaksan gezin (güzün) al(Ot olsang, yozda ol, qiz olsang, kez(kuzda) ol) // At alırsan yazın, deve alırsan güzün, kız alırsan gezin, ha gezin (Ot olsang, yozda, tuya olsang, kuzda, qiz olsang, kez, ha, kez) singari turk xalq maqollarida har bir ishning o‘z vaqtida, diqqat va sabr bilan qilinishi xayrli yakunga asos bo‘lishi nazarda tutiladi. Yozda ozuqaning mo‘l bo‘lishi, yaylovlardagi erkin harakat otning sog‘lom va ko‘rkam bo‘lishini ta’minlaydi. Yozda ot sotib olgan kishi iqtisodiy jihatdan ham yutadi. Bahor va yoz oylarida tuyalar tulaydi. Kuzga kelib ularning qanday ekani aniq bilinadi. Shuning uchun tuyani kuzda sotib olish manfaatliroq. Oila qurish uchun yaxshi qizni topish esa oson emas. Buning uchun ko‘p izlash, so‘rab-surishtirish kerak. Shu hayotiy haqiqatlar yuqoridagi maqollarda ham o‘z aksini topgan.
   Maqollarda bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini tanlashda aql bilan ish tutish tavsiya qilinadi. Ot olsang, oriqdan ol, Qiz olsang, qallochdan ol maqolida oriq otning ishchan, yugurik; kambag‘al qizning kamtar, mehnatkash bo‘lishi; ularga ega bo‘lgan kishining adashmasligi haqidagi xulosa aks etgan. Bu parallellikka tashqi o‘xshashlik ham asos bo‘lgan desak, adashmaymiz. Kambag‘al qizning to‘yib ovqatlanishga imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli ozg‘in bo‘ladi. Ot oriqlikda ko‘rimsiz, Qiz – yetimlikda maqolining yuzaga kelishida ham tashqi o‘xshashlik yetakchilik qiladi. Juda oriq ot chiroyli ko‘rinmaydi. Yetim qiz bir tomondan ruhiy iztiroblar, ikkinchi tomondan moddiy muammolar tufayli latofatli bo‘lolmasligi mumkin. “Husn og‘izdan kiradi” maqoli bejizga aytilmagan. Hayotda tashqi qiyofa, moddiyat har doim ham muhim bo‘lavermasligi, insonning boshqa fazilatlari bu kamchiliklar o‘rnini bosishi Chopmasang ham ot yaxshi, Quchmasang ham qiz yaxshi// Minmasang ham, ot yaxshi, Quchmasang ham, qiz yaxshi maqollarida o‘z aksini topgan.
    Ot va qizni tanlash masalasida At alırsan arlıdan, kız alırsan çarlıdan al; At alırsan taydan al, kız alırsan soydan al maqollarida bo‘lajak kelinning nasliga, tarbiyasiga e’tibor berish zarurligi ta’kidlansa; Atın çekiç başlısı, güzelin sümbül saçlısı maqolida turklarning go‘zallik haqidagi qarashlari aks etadi. Unga ko‘ra, otning bolg‘aga o‘xshash boshlisi; qizning sumbul sochlisi ma’qul hisoblanadi. Atın dorusunu al kızın delisini al maqolida ot olmoqchi bo‘lgan kishiga to‘riq otni olish tavsiya qilinadi. “Deli” so‘zi turk tilida “telba”, “dalli-devona” ma’nolarini ifodalaydi. Bu maqolda esa “shaddod”, “qat’iyatli”, “hissiyotli” ma’nolarida ishlatilgan. Kız alırsan Söğüt’ten, at alırsan yürükten al maqolida usmonlilarning ilk poytaxti bo‘lgan So‘gutdan qiz olish tavsiya qilingan. Chunki bu yerda aslzodalar istiqomat qilgan. So‘gutning qulay tabiiy sharoiti insonlarning sog‘lom, ko‘rkam bo‘lishiga imkon yaratgan.
    Ota-ona qizni turmushga berish masalasida juda ehtiyotkor bo‘lishi kerakligi quyidagi turk maqolida o‘z aksini topgan: Kız evladı yerine düşerse bir eyerli at, yerine düşmezse bir uyuz it. Atrof-muhit insonlarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bu maqolda qizning yaxshi oilaga kelin bo‘lib, qadr va baxt topgandagi holati egarlangan otga; aks holdagi holati esa quturgan itga o‘xshatilgan.
    Qizlarga bepisandlik bilan qarash noto‘g‘ri ekani, o‘rni kelganida ular erkaklarni ham uyaltirib qo‘yishi mumkinligi quyidagi maqolda ifodalangan: Kız ile güreşme, kısrak ile yarışma. “DLT”da Қïз бiрlа кÿрäшмä, қïсрақ бiрlа jарïшма shaklida keltirilgan bu maqol Xoqoniya qizlaridan biri Sulton Ma’sudning nikoh kechasi o‘z erini oyog‘i bilan chalib yiqitganidan keyin yuzaga kelgan. Maqoldagi “qisraq” so‘zi bir qancha turkiy tillarda urg‘ochi otga nisbatan ishlatiladi.
    Kızlar gelin olmayı masal sanır; atı, binince koşar sanır maqolida hayotning past-u balandidan bexabar bo‘lgan qizlarning oilaviy hayotni ertaklardagidek tasavvur qilishi otga minilishi bilan yugurib ketishiga ishonishiga o‘xshatiladi. Bu masalada onalar qizlarga kerakli maslahatlarni berishi lozimligi Oğlan babadan görür at oynatmasını, kız anadan görür sofra donatmasını maqoli mazmunidan anglashilib turibdi. Jamiyatda o‘g‘il farzand qiz farzandga nisbatan ko‘proq qadrlanishi haqidagi fikr Oğlan doğur at gibi yat, kız doğur it gibi yat maqolida kinoyali tarzda ifoda etilgan. O‘g‘il-qiz; ot-it zidligi fikrni ta’sirchan va ohangli tarzda aks ettirishga xizmat qilgan. Maqolda qadr konsepti asosiy o‘rinni egallaydi.Har bir onaga o‘z qizi mukammal, kamchiliksiz bo‘lib ko‘rinishi Komşunun sıpası tay gibidir, anasına kızı ay gibidir maqoli orqali ifoda etilgan. Bu maqolda birovning xo‘tigi toy kabi ko‘rinishi Qo‘shnining tovug‘i g‘oz ko‘rinadi maqolidagi singari, aslidan yaxshiroq tuyulishi haqidagi fikrni ifodalaydi.
    At ver barış, kız ver barış //Akrabaya at ver dost ol kız ver düşman ol maqollari ham hayotiy vaziyatlar bilan bog‘liq ravishda shakllangan. Ot hadya qilish an’anasi turkiy xalqlar hayotida hamon davom etib kelmoqda. Bunday tuhfa munosabatlarni mustahkamlaydi. Qiz berish, ya’ni quda bo‘lish ham qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashi mumkin. Qarindoshga ot sovg‘a qilib do‘st; qiz berib esa dushman bo‘lish mumkinligi uzoq yillik hayotiy tajribalarda ko‘rilgan.
    Yaxshi otga qamchi kerakmas, Yaxshi qizga – sovchi maqolida yaxshi ot qamchisiz ham yurganidek, tarbiyali, odobli qizni atrofdagilar yaxshi bilishi, kelin qilish harakatida bo‘lishi ifodalangan. “Qiz odobli, hayoli, iffatli qilib tarbiyalansa, kishilarning mehrini qozonadi, unga turmush yo‘li o‘z-o‘zidan ochiladi”, deyilmoqchi...” [6:416].
    Qizli uyga qirq ot bog‘lanar maqolida qiz o‘sayotgan xonadon bilan qarindosh tutinish istagida bo‘lganlarning ko‘pligi, lekin qiz ulardan faqat birigagina nasib etishi; Qizli uyga otliqlar kulib boqar, Tuyalilar – bukilib maqolida esa boy-badavlat kishilar ham yaxshi qiz tarbiyalanayotgan oilaga hurmat bilan qarashi, tavoze ko‘rsatishi, yaxshi muomala bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lashga umid qilishi aks etgan.
    At beslenir kız istenir//At beslenirken kız istenirken maqollarida har bir ishning o‘z vaqtida bo‘lishi xosiyatli ekani haqidagi fikrlar mujassam. Boqilayotgan otning bahosi yuqori bo‘ladi. Shuning uchun uni tezda sotish zarur. Balog‘atga yetgan, jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lgan qizni vaqt o‘tmasidan turmushga chiqarish, sovchilarni hadeb qaytaravermaslik uning baxtli bo‘lishiga yo‘l ochisihi mumkin.
    Ajdodlarning hayot tarzi, urf-odat va qadriyatlarini ramzlar tilida ifoda etuvchi maqollarni tushunish, izohlash oson emas. Maqollarga “Xalqning barmoq izlari” deb ta’rif beriladi. Barmoq izlari inson haqidagi asosiy ma’lumotlarni o‘zida saqlaganidek, jamiyatda insonlar amal qilishi kerak bo‘lgan qoida va dastur mohiyatidagi maqollarda ham ularning yaratuvchisi bo‘lgan xalqning badiiy tafakkur qudrati, hayot tarzi, ma’naviy qadriyatlari, tarixi va madaniyati aks etadi. Maqollar jamiyat tarixi va tajribalari mahsulidir. Jamiyatning muhim madaniy va ijtimoiy qadriyatlarini ifoda etuvchi maqollar o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. Turk dunyosidagi maqollar mushtarak tariximiz, madaniyatimizni aks ettiruvchi va kashf etilishini kutayotgan ulkan xazinadir. Asrlar osha ajdodlarimizning hayot tajribasi hamda tafakkur suzgichidan o‘tib, bugungi kunda o‘zining eng ta’sirchan shaklini olgan maqollar gohida butun boshli kitobda aks ettirish mumkin bo‘lgan ma’nolarni ifodalaydi. Ularning ba’zilari vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketadi, boshqalari esa o‘zgarishlarga uchraydi. Hozirga qadar o‘zgarmagan holda yashab kelayotgan maqollar ham ko‘p. Maqollar ajdodlarimizning bilimi, tajribasi, qadriyatlarini o‘rgatish bilan cheklanmaydi. Biz va keyingi avlodlar uchun boy tafakkur dunyosi, ijtimoiy-madaniy hayotni shakllantirishda ham maqollarning o‘rni beqiyos. Boshqacha qilib aytganda, maqollar madaniy davomiylikni ta’minlovchi muhim unsurlardan biridir. Shu sababli ham ajdodlarimizning bu purma’no ijod mahsullarini jamlash, tadqiq qilish burchimizdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Aksoy Ö. Atasözleri ve Deyimler Sözlüğü. ‒ İstanbul:Inkılâp Kitabevi, 1988.
2. Jo‘rayeva B. O‘zbek xalq maqollari shakllanishining lingvistik asoslari va pragmatik xususiyatlari. Filol.fan.dokt...(DSc) diss. – Samarqand, 2019.
3. Кошғарий, Маҳмуд. Девону луғотит турк. I,II,III. – Тошкент: FAN, 1963.
4. Mirzaaliyev I. Qadimgi turkiy maqollar semantikasi va stilistikasi (“Devonu lug‘ati-t-turk” materiali misolida)Filol. fan. fal. dok... (PhD) diss.– Toshkent, 2020.
5.Shomaqsudov, Sh., Shoraxmedov, Sh.Hikmatnoma.− Toshkent: O‘SE, 1990.
6. Shomaqsudov Sh. , Shorahmedov Sh.Ma’nolar maxzani. − Toshkent: O‘MEDIN, 2001.
7.Tosheva, D.Zoonim komponentli maqollarning lingvokulturologik xususiyatlari. Filol.fan.b.f.d...(PhD) diss.– Toshkent, 2017.
8.O‘zbek xalq maqollari. −Toshkent: Sharq, 2019.
9. O‘zbek xalq maqollari. Toshkent: Noshirlik yog‘dusi, 2019.
10. Öz, A. (2000). Hayvanlarla İlgili Özbek Atasözleri. Türk Dünyası Dil ve Edebiyat Dergisi, 9, 114-160.